کانادا مملکتی، آنتاریو ایالتیگه تیگیشلی گووالف تومه ده گی «ففتا» نینگ رییسی محترم نجیب ضیا رحمن «ففتا» باره سیده ( تورکستان) ناملی ویب سایت مخبری بیلن قیلگن مصاحبه لرینی متنی.
Maqsadimiz – Birlikdir
Suhbatdoshimiz haqida:
Najib Ziyo Rahmon
Afgonistonning Maymana shahrida tavallud topgan, Rusiyaning Krasnodar Universitetida Huquq bolimini bitirgan. Uzoq yillar Afgoniston Tasqi Ishlar vazirligi maqomlarida ishlagan. 1999 yildan beri Kanadada yashaydi.
Afg`oniston Turklari Birlashmasining tashkilotchilaridan, Guelph bo`limi raisi.
Turkiston: - Najib aka, Afg’oniston Turklari Birlashmasining tuzilishida Siz ning katta hissangiz borligini eshitganmiz. Birlashmaning tuzilish g’oyasi nimadir, tashkilotlashma ehtiyoji qanday paydo bo’ldi?
Najib Ziyo Rahmon: - Ma’lumingiz borkim, Afg’onistondan Kanadaga yerlashgan 300 dan oshiq Afg’on turki oilasi bizning Guelph shahrida yashaydi. O’z madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, tilimizni saqlab qolish, rivojlantirish, bayram va boshqa yig’inlarda bir milliy o’rtam yaratib, yurt soginchini baham ko’rish maqsadida 1 yil avval Afg’oniston Turklari Birlashmasini tuzishga qaror berdik. Yurtdoshlari-miz meni Guelph bo’limi raisligiga loyiq ko’rdilar, sog’ bo’lsinlar.
Birlashmaning raisi doctor Fayzullo Aymoq, u kishi boshqa shaharlar va provinsiyalardagi bo’limlarimiz ishini muvofiqlashtirib turadilar.
T: - Birlashmani Afg’oniston Turklari deb atabsizlar, masalan, O’zbeklar deb emas…
N.Z.R.: - O’zbek atamasi 14-asrlardan beri davraga kirgan bir atama, elat nomi deyishimiz mumkin. Ammo, millat nomi hech shubhasiz – Turkdir. Ming-ming yillik tarixiy madaniyatimiz Turk Madaniyati nomi bilan mavjuddir. Bu merosga egalik qilish va uni davom ettirish uchun mutlaqo turkligimizni oldinga chqarmog’imiz lozim edi va biz shunday qilishga bel bog’ladik.
T: - Afgoniston qadim Turkiston tuproqlarining bir parchasi edi. Rusiya ishg’olidan keyin bu tuproqlar parchalandi va O’zbekiston, Turkmaniston, Qirg’iziston, Tojikiston, Qozog’ston kabi respublikalar tashkil etilib, sovetlarga tobe bo’lib qoldi.
Bu davrda Afg’onistondagi turklarning holi nima bo’ldi?
N.Z.R.: - Afg’onistonda turklar qattiq suquv ichidalar, hukmron qabilalar tarafidan zulm ko’rib kelmoqdalar.
Eng oddiy, o’z ona tilimizda ta’lim olmoq, radio tinglab, television tomosha qilmoqdan mahrum edik. Dovud shoh zamonida nomiga ayrim ruxsatlar berilganday edi, ammo yetarli emasdi.
Ayniqsa, yaqin otmishda toliblar hukmron bo’lgach, ahvol yanada yomonlashdi. O’zbekcha gapirgani uchun insonlarimizning tillarini kesishgacha bordilar…
Ana shunday shartlar ostida ulg’aydik va tilimiz, madaniyatimizni faqat oila va mahalla doirasida saqlay bildik.
Turkiston ruslar qo’liga otgach, Afg’onistondagi Turklar taqdir hukmiga tark etilmishdir. Insonlarimiz 3-toifa muomalasi kormoqdalar, buni hatto yuzimizga ochiq aytadilar.
Birlashmamizning tuzilish maqsadlaridan biri ham, Afg’onistonda bebahra qolsakda, hech bo’lmasa Kanadada avlodlarimizni 5000 yillik Turk madaniyatiga qovushtirish, o’zligimizni saqlab qolish, urf-odat ananalarimizni davom ettirishdir.
T: - Afg’onistonda Turklar yashaydigan shimoliy hududlar o’nlab yllar mobaynida General Do’tum boshqaruvida bo’ldi. Ana shu paytlarda til va madaniyatni rivojlantirish, maktablarda Turkcha darslar o’tish masalasida odimlar otildimi?
N.Z.R.: - U zamonlarda bir urush holati bor edi, tinch hayot yo’lga kirmagan edi. Butun sayi harakat toliblardan himoyalanish, jangovorlikni saqlashdan iborat edi.
Boshqa masalalar bilan shug’ullanishga vaqt bolgan emas.
T: - Birlashmaning birinchi o’ringa qoygan o’z vazifalari nimadan iborat?
N.Z.R.: - Juda boy va ibratli bir madaniyatimiz bor. Turk millati Osiyoga hukm etgan bir millatdir. Eskidan O’zbrekistonlik va yoki Uyg’uristonlik degan tushuncha bo’lmagan. Odamlar bir biriga men Hirotlikman, Qoshg’arlikman, Samarqandlikman deb bilgi berganlar.
Yani, Turklik o’z ozidan anglashilgan bir tushunchadir. Bugun o’rtada siyosiy chegaralar bor bo’lsada, madaniyatimiz chegaralarga bo’ysunmaydigan darajada buyukdir.
Bu qadar buyuk bir tarix va madaniyat egalarining bugungi holi judayam achinarlidir. Bizning ilk vazifamiz bu madaniyatimizdan bahra olmoq uchun milliy birligimiz sari harakat etmoqdir. Hech bolmasa madaniy bir birligimiz bolsin. Qarangki, turli millat va elatlardan iborat Ovro’pa birlasha oldi. Biz axir bir millatmiz, bizlar uchun oldimizda hech bir to’siq yo’q.
T: - Ammo, bizning insonlarning osongina bir oraga kelishlari qiyin, bir-birimizning fikrimiz bilan hisoblashishimiz qiyin...
N.Z.R.: - Yillarcha bizga O’zbek –o’ziga bek, o’z fikriga xon degan soxta va dushmanlarcha aqida singdirilib kelingan. Tabiiyki, buning tasiri bor. Bu singari hurmatsizlik keltirib chiqaradigan aqidalardan voz kechmog’miz lozim. Aslini olib qarasangiz, bizning insonlar kabi tavozeli, odobli, kattalarni hurmat qiladigan, yosh bolasiga ham sizlab gapiradigan boshqa bir millat yo’q. Men, qavmimizning kelajagiga ishonaman, bizning insonlar chekkan xo’rlik va jafolarini unutganlari yo’q, ishonamanki, bu birlik yaqindir.
T: - Torontoda, Kanadada koplab Turk uyushmalari bor, hammasi ham Siz aytmoqchi bo’lgan birlashish g’oyasini kun tartibida tutmoqdadir. Afg’oniston Turklari Birlashmasining ular bilan muloqat rejalari bormi?
N.Z.R.: - Fikrimcha, boshqa Turk tashkilotlari bilan konfederativ asosda birlashishimiz to’g’ri bo’lar edi deb hisoblayman. Masalan, Konfederatsiya tomi ostida katta bayramlar, festivallar o’tkazsak, Kanadada yashayotgan boshqa millatlarga madaniyatimizni ko’satsak, Kanadadaning ko’p millatli madaniy tarixida o’z o’rnimizni olsak... Mening eng katta orzularimdan biri shuldir.
T: - Guelphda bir machit ochibsizlar, ko’rdik, sevindik. Avvalo millatimizga hayrli bo’lsin. Oson bo’magandir tashkiliy jarayon?
N.Z.R.: - Bilganingizday, madaniyatimizning kattagina qismi islom dini bilan bog’lanib ketgan. Din bizlar uchun faqatgina ruhiy oziq emas, hayotimizning zaruriy bir shartiga aylangan. Ayniqsa, dinning tarbiyaviy o’rni juda muhimdir. Shahrimizda 300 dan oshiq oila bo’lib, hammamizning avlodlarimiz bor. Machit jamoamiz uchun bir talim va tarbiya maskanidir. Butun qiyinchiliklarni orqada qoldirib, machitimizni ochishga muvaffaq bo’ldik. Kelajagimiz uchun haqiqatan hayrli bir ish bo’ldi deb hisoblayman.
T: - Bir tarafdan birlashmadagi faoliyatingiz, ikkinchi tarafdan machit yumishlari, ish, oila deganday… Hammasiga qanday qilib vaqt yetkazayapsiz?
N.Z.R.: - Albatta, bu erda hamma ishlaydi, hammaning yetarlicha o’z tashvishi bor. Lekin, bu boshlagan ishlarimiz uchun ham vaqt topayapmiz, topishga majburmiz. Faqat shu yo’l bilangina milliy madaniyatimizni saqlab qolishimiz mumkin degan fikr bizga yangi kuch va g’ayrat beradi.
T:- Bu reportajimiz yangi chiqajak Turkiston gazetasi uchunligini boshda aytgandim. Kanada tarixida ilk bora o’zbek turkchasida bir gazeta chiqish arafasida. Bu Sizga qanday tuyg’ular his ettirmoqda?
N.Z.R.: - To’risini aytsam, Sizlarga havasim keldi. Ikkinchidan, gazetaning chiqishi bizga faxr va iftixor beruvchidir. Ishonamanki, Turkiston hammamizning sevimli gazetamizga aylanadi va turk madaniyating boyituvchi omili bo’lib qoladi.
Sizlarga muvafaqqiyat tilayman.
T: - Vaqtingiz va suhbatingiz uchun katta rahmat. Biz ham faoliyatingizga rivoj tilaymiz.
Faxriddin Tojimurod suhbatlashdi.
Turkiston, 06/2009.